Joriy yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 7,5 foizga o‘sib, iyun oyidagi prognozga nisbatan 0,8 foizga oshadi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi prognozida aytiladi.
Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti ichki talabning kengayishi, eksportning faollashuvi va investitsiyalarning ko‘payishi hisobiga yuqori o‘sish sur’atlarini namoyish etishda davom etadi.
Prognozga ko‘ra, joriy ma’lumotlar asosiy tarmoqlarning muvozanatli rivojlanishini va yuqori ishbilarmonlik faolligi saqlanib qolishini tasdiqlaydi. Markaz tomonidan hisoblangan ishbilarmonlik faolligi indeksi oktyabr oyida sezilarli o‘sishni ko‘rsatdi — o‘tgan yilning oktyabr oyiga nisbatan 34,2 foizga.
Joriy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni hisobga olgan holda, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining integratsiyalashgan modeli asosida O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining o‘sishi 7,5 foiz darajasida prognoz qilinmoqda. Prognoz koridorining chegaralari 7,3-7,7 foizni tashkil etadi, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, iqtisodiy o‘sish trayektoriyasiga korxonalarning ishbilarmonlik faolligi, uy-joy bozorining holati, sanoat ishlab chiqarish hajmi va bank operatsiyalari eng katta ta’sir ko‘rsatadi.