Ijtimoiy tarmoqlarda Humans ilovasiga biriktirilgan bank kartalaridan pul mablag‘lari bilintirmasdan yechib olingani haqida xabarlar tarqaldi. Markaziy bank vaziyatga munosabat bildirdi.

Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 10-aprel kuni Humans Companies va Octagram (Paylov brendi) o‘rtasida shartnoma imzolangan bo‘lib, unga ko‘ra Humans agent sifatida o‘z mijozlariga to‘lov xizmatlari — to‘lovlar va P2P o‘tkazmalarini taqdim etishni boshlagan.

2025-yil 8-dekabr kuni soat 08:30 larda Markaziy bankka fuqarolardan Humans ilovasi orqali pul mablag‘lari yechib olingani haqida murojaatlar kelib tushdi. Markaziy bank o‘z vakolatlari doirasida Octagram (Paylov) bilan bog‘lanib, xavfsizlik talablariga rioya etilishini ta’minlash va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zaifliklarni bartaraf etish maqsadida P2P operatsiyalarini to‘xtatib turish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. 9-dekabr holatiga ko‘ra, Humans mobil ilovasi orqali amalga oshiriladigan barcha Octagram to‘lov xizmatlari vaqtincha to‘xtatildi.

Markaziy bankning qayd etishicha, Uzcard va Humo kartalari orqali to‘lovlar va o‘tkazmalar odatdagidek ishlamoqda. Shuningdek, boshqa banklar va to‘lov tashkilotlarining ilovalarida kartalardan foydalanish imkoniyati saqlab qolindi.

Aniqlangan fakt bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilmoqda. Mutaxassislar barcha shubhali tranzaksiyalar, texnik jarayonlar va platformalar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni o‘rganmoqda. Regulyatorning qo‘shimcha qilishicha, jabrlanganlar huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilishlari mumkin.