O‘zgidromet yangi hafta uchun ob-havo prognozini taqdim etdi.
10-dekabrda respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida kechasi va ertalab ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. 11-dekabrda shimolda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda yomg‘ir va qor yog‘adi, qolgan hududlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi.
12-dekabrda Buxoro, Navoiy viloyatlarida va kechga tomon Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida yomg‘ir yog‘adi, Qoraqalpog‘istonning shimolida yomg‘ir va qor yog‘adi. Qolgan hududlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi, ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin. Shamol sharqdan 7-12 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda 15-20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Kunduz kunlari havo harorati 9-10 dekabrda 2-7 daraja iliq atrofida bo‘ladi, 11-12 dekabrda harorat 13-15 daraja iliqqacha, ba’zi joylarda 16-19 daraja iliqqacha asta-sekin ko‘tariladi. Kechasi 0-5 daraja sovuq, shimolda 5-10 daraja sovuq, 12 dekabrda 2-7 daraja iliq bo‘ladi.
Tog‘oldi va tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir va qor yog‘adi, 9-10-dekabrda ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. 9-dekabrda qor ko‘chishi xavfi bor.
Toshkentda 9-dekabr kuni kechasi va ertalab, 10-dekabr kuni vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. Kechasi 0-2 daraja sovuq, kunduzi 4-7 daraja iliq bo‘ladi. 11-dekabrda yog‘ingarchilik kutilmaydi. 12 dekabr kuni kechga tomon yomg‘ir yog‘adi, kechasi va ertalab tuman tushadi. Harorat kechasi 0-2° sovuq, kunduzi 8-10° iliq, 12 dekabrda kechasi 4-6° iliq, kunduzi 12-14° iliq bo‘ladi. Shamol sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi.