Toshkentning Olmazor tumanidagi xususiy klinikada erkak burun bo‘shlig‘idagi jarrohlik amaliyotidan oldin vafot etdi. Bu haqda Millar reportajida ma’lum qilindi.
31 yoshli fuqaro Qoraqamish mavzesida joylashgan klinikalardan biriga murojaat qilgan. Marhumning qarindoshlari 12-noyabr kuni soat 11:30 atrofida erkak jarrohlik xonasiga olib borilganini, ko‘p o‘tmay vafot etganini aytishgan. Ularga bir necha soatdan keyin o‘lim haqida xabar berishdi.
Bemorning yaqinlariga jarrohlik amaliyoti boshlanishidan oldin uning yuragi to‘xtab qolganini tushuntirishdi. Ularning fikricha, fuqaro ortiqcha miqdorda narkoz berilishi oqibatida vafot etgan bo‘lishi mumkin.
O‘limning dastlabki sababi anafilaktik shok deb aytilmoqda, sud-tibbiy ekspertizasining yakuniy qarori hali yo‘q. Tuman prokuraturasi tekshiruv o‘tkazmoqda, klinika o‘z ishini davom ettirmoqda.