Buxoro viloyatida jinoyat ishlari bo‘yicha Romitan tuman sudi o‘z joniga qasd qilib, farzandlarini o‘ldirmoqchi bo‘lgan ayolga hukm chiqardi. Bu haqda Bu kun reportajida so‘z boradi.
Voqea 2025-yilning mart oyida Yuzon mahallasida sodir bo‘lgan. Ayol o‘zi bilan shar’iy nikohda bo‘lgan erkak boshqa qizga uylanishga qaror qilganini bilib qoldi. Fuqaro ikki nafar farzandini uydan olib chiqib, ular bilan birga kanal bo‘yiga yo‘l olgan.
Avvaliga to‘ng‘ich o‘g‘lini suvga tashlab yubordi, so‘ng o‘zi ham kichik o‘g‘lini ko‘tarib suvga sakradi. Katta o‘g‘il guvohlar tomonidan qutqarilgan, kichik o‘g‘ilni sudlanuvchining o‘zi suvdan olib chiqqan.
Sud ayolni Jinoyat kodeksining 25-moddasi (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) orqali 97-moddasi 2-qismi “a, v” bandlari bilan aybdor deb topdi. U to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etildi.