O‘zbekistonda intensiv bog‘dorchilikni rivojlantirish imkoniyatlari qayd etildi. Bu haqda prezident Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan marosimda aytib o‘tdi.

Hukumat gektaridan 10 tonnadan kam hosil berayotgan 90 ming gektar eskirgan bog‘ va tokzorlarni yangilash bo‘yicha uch yillik dastur qabul qiladi. Intensiv bog‘lar barpo etish uchun Agrosanoatni rivojlantirish jamg‘armasidan yillik 14 foiz stavkada imtiyozli kreditlar ajratiladi. Qarzlarni qaytarish muddati uch yillik imtiyozli davr bilan 7 yilni tashkil etadi.

Biznesga muzlatkichli omborxonalar qurish uchun kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining MB asosiy stavkasidan 8%gacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi. Savdoni rivojlantirish kompaniyasi meva-sabzavot yetishtiruvchi va eksportchilarga mahsulotlarni qadoqlash xarajatlarining yarmini qoplab beradi.

Shuningdek, fermerlarga sertifikatlangan ko‘chatlarni sotib olish xarajatlari qoplab beriladi va meva uchun shpalerlar uchun 20−70 ming so‘m subsidiya ajratiladi. Bundan tashqari, ularga yoqilg‘i va o‘g‘itni arzonlashtirilgan narxlarda sotib olish imkoniyati yaratiladi.

Tog‘oldi va yaylovlarda sanoat bog‘lari va uzumzorlar barpo etish, sabzavot va ozuqa ekinlarini yetishtirish sharti bilan 100 ming gektar bo‘sh turgan yer uchastkalari baholash qiymatining 1 foizi miqdoridagi narx bo‘yicha onlayn-savdolarga chiqariladi. Savdo g‘oliblari yerni bepul ijaraga olishlari va qayta ijaraga berishlari mumkin bo‘ladi.

Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat zaxirasini yaratishga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi. Narxlarni barqarorlashtirish uchun muntazam intervensiyalar tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

2026-yildan boshlab fermerlarga Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan o‘tgan yilgi hosil qiymatining 50 foizi miqdorida yillik 12 foiz stavkada imtiyozli kreditlar ajratiladi. Valyuta kreditlari bo‘yicha foizlarning bir qismini davlat qoplaydi va kafillik beradi. Bundan tashqari, ishlab chiqaruvchilar 10 million donagacha laboratoriya mini-kartoshka tuganaklarini bepul oladi.