2026-yil 1-apreldan boshlab O‘zbekistonda bir qator to‘lovlar faqat naqd pulsiz shaklda qabul qilinadi. Bu haqda prezidentning “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi.

Bir qator operatsiyalarni faqat bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali to‘lash mumkin bo‘ladi. Bu quyidagilarga tegishli:

  • davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar;
  • elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi uchun haq to‘lash;
  • alkogol va tamaki mahsulotlarini xarid qilish;
  • aholiga neft-gaz mahsulotlarini avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali sotish, shuningdek elektr transportini zaryadlash xizmatlari;
  • qiymati 25 mln so‘mdan ortiq bo‘lgan tovarlar va xizmatlar;
  • ko‘chmas mulk, shuningdek M, N, O va G toifalaridagi transport vositalari (ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan), shu jumladan maxsus texnika oldi-sotdisi.

Farmonga ko‘ra, 2030-yilga qadar ikkita asosiy maqsadli ko‘rsatkich belgilandi:

  • kuzatib borilmaydigan iqtisodiyotning YIMga nisbatan ulushi 1,3 baravarga kamaytirilishi lozim;
  • aholining savdo va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi naqd pulsiz hisob-kitoblar ulushini 75 foizga yetkazish zarur.