2026-yildan Gruziyada chet el fuqarolari uchun yangi kirish talablari kuchga kiradi. Bu haqda Uzbekistan Airways matbuot xizmati xabar bermoqda.

Chet el fuqarolari uchun mamlakatda bo‘lishning butun muddati davomida majburiy tibbiy sug‘urta zarur bo‘ladi. Polis yo‘qligi uchun jarima: 300 lari (taxminan 1,3 million so‘m). Polis ingliz yoki gruzin tilida rasmiylashtirilgan bo‘lishi kerak, qamrov Gruziyada bo‘lishning butun davriga tegishli bo‘lishi kerak.

Minimal qamrov:

  • shoshilinch ambulatoriya xizmatlari: kamida $5 ming;
  • statsionar davolanish (shu jumladan baxtsiz hodisalar, jarohatlar, kasalliklar, evakuatsiya va repatriatsiya): kamida 30 ming dollar;
  • mamlakatning tog‘li hududlariga sayohat qilish uchun alohida talablar mavjud.

Hujjat mobil qurilmada elektron shaklda yoki qog‘oz shaklida bo‘lishi kerak. Polis mamlakatga kirishda ham, mamlakat ichidagi huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan ham so‘ralishi mumkin.

O‘zbekistonliklar chegarani to‘siqsiz kesib o‘tish uchun barcha zarur hujjatlarni oldindan tayyorlashga chaqirildi.