8–13-dekabr kunlari Nyu-Dehli shahrida YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasining 20-sessiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.
Tadbir doirasida Qoraqalpog‘istonning ikki noyob madaniy qadriyati — qo‘biz va o‘tov rasman YUNESKOning nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritildi. Saida Mirziyoyeva bu muhim va tom ma’noda tarixiy kun ekanini aytdi.
Ushbu xalqaro miqyosdagi e’tirof an’analarimizning naqadar teranligi, ma’naviy merosimizning qudrati va avlodlar o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni tasdiqlaydi, — dedi Saida Mirziyoyeva.
Prezident Administratsiyasi rahbari boy merosni asrab-avaylash va targ‘ib qilishga hissa qo‘shgan barcha ustalar, tadqiqotchilar, an’analar himoyachilari va jonkuyarlarga minnatdorlik bildirdi.
Bu madaniyatimizga daxldor barchaning g‘alabasidir! Biz esa o‘zligimizni bemisl qiluvchi qadriyatlarimizni ko‘z qorachig‘idek saqlagan holda olg‘a qadam tashlashda davom etamiz, — deya xulosa qildi u.