Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida ta’mirlash ishlari olib borilayotgani va quyosh stansiyalari ishlab chiqarishining mavsumiy pasayishi sababli O‘zbekistonning qator hududlarida elektr ta’minotida vaqtinchalik uzilishlar bo‘lishi mumkin. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ushbu elektr stansiyasining 2-sonli gaz turbinasida rotor nosozligi aniqlandi. Stansiya faoliyatini tezroq tiklash maqsadida Yaponiyaning Mitsubishi kompaniyasi tomonidan 114 tonna og‘irlikdagi yangi rotor ishlab chiqarildi va 8 dekabr kuni maxsus reys bilan Toshkentga olib kelindi. Aeroportdan uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektr stansiyasi maydoniga olib borishdi. Yangi rotorni o‘rnatish va sinov-sozlash ishlari taxminan bir oy davom etadi.

Bu quvvatlarni qoplash uchun qo‘shimcha zaxira quvvatlar va ishga tushirilgan yangi energobloklardan foydalanilmoqda.

Hozirgi vaqtda quyosh fotoelektr stansiyalarida bulutlilik (quyosh kam bo‘lishi) va yorug‘ kunlarning qisqaligi tufayli elektr energiyasi ishlab chiqarish kamaygan. Shu sababli elektr energiyasini ishlab chiqarish va iste’mol qilish muvozanatini tartibga solish, shuningdek, ularning muvozanatini saqlash maqsadida ayrim hududlarda elektr energiyasi iste’moli yuqori bo‘lgan davrlarda (soat 17:00 dan 21:00 gacha) elektr ta’minotida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilishi mumkin, — deyiladi xabarda.

Ushbu chora-tadbirlar energiya ta’minoti barqarorligi va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan. Gaz turbinasiga yangi rotor o‘rnatilgandan so‘ng stansiyaning loyihaviy ishlab chiqarish quvvati tiklanadi va elektr ta’minoti bo‘yicha vaqtinchalik choralar to‘xtatiladi.