Tadbirkorlar yangi yil arafasida aksiyalarni o‘tkazish va chegirmalarni qo‘llashda qonunlarga qat’iy rioya qilishga chaqirildi. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ogohlantirish bilan chiqdi.

Bayram yaqinlashgani sayin ko‘plab subyektlar Yangi yil munosabati bilan turli aksiya va chegirmalar taklif etib, savdoni ko‘paytirish va iste’molchilarni jalb etishga harakat qilmoqda.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi iste’molchilar manfaatlari yo‘lidagi bunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi hamda tadbirkorlarga har qanday huquqiy va

amaliy yordam ko‘rsatishga doimo tayyor.

Biroq, ayrim tadbirkorlik subyektlari tomonidan o‘z manfaatlarini ko‘zlab, soxta chegirmalar yoki aksiyalar e’lon qilish yoki chegirma miqdori, aksiyada ishtirok etayotgan tovar miqdori va boshqa zarur ma’lumotlarni taqdim etmaslik holatlari aniqlanmoqda.

2025-yil boshidan buyon qo‘mitaga 48 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning aksariyati iste’molchilarga to‘g‘ri va ishonchli ma’lumot berilmagani bilan bog‘liq.

Idoraning ta’kidlashicha, bugungi kunda “yangi yil aksiyasi”, “yangi yil chegirmasi”, “birini sotib ol — ikkinchisini bepul ol”, “chegirma e’lon qilindi”, “aksiyamiz boshlandi”, “50% chegirma”, “barcha mahsulotlarga aksiya”, “faqat bugun ulgurib qoling” va boshqa aksiyalar ko‘paygan.

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan chakana savdo qoidalariga ko‘ra, sotuvchi o‘z tovarlariga chegirmalar e’lon qilar ekan, tovarlar va narxlar hisobini yuritishi, so‘nggi 30 kun ichida tovarning haqiqiy narxlarini qayd etishi va iste’molchining talabiga ko‘ra ushbu ma’lumotlarni taqdim etishi shart.

Chegirma qo‘llanilganda sotuvchi:

  • chegirmani aniq foizlarda yoki summada belgilash hamda narxning sodda va tushunarli aks ettirilishini ta’minlash;
  • iste’molchining talabiga ko‘ra har bir tovar uchun chegirmadan oldin tovarning narxi to‘g‘risida aniq axborot taqdim etishi;
  • chegirma e’lon qilinishidan oldingi oxirgi 30 kundagi eng past narxni (qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan tashqari) hujjatlar (dalillar) bilan tasdiqlash;
  • agar chegirma bilan sotiladigan tovarlar soni cheklangan bo‘lsa yoki tovarlar mavsumiy bo‘lsa yoxud chegirma ularning holati bilan bog‘liq bo‘lsa (yaroqlilik muddatining tugashi, o‘rovning shikastlanishi, eski zaxiralarning yo‘q qilinishi va boshqalar), sotuvchi bu ma’lumotlarni chegirma to‘g‘risidagi e’londa ko‘rsatishi shart;
  • chegirmaning amal qilish muddatini (boshlanish va tugash sanasini) aniq ko‘rsatish, agar chegirma faqat muayyan shartlarda amal qilsa, ushbu shartlarni oldindan ko‘rsatish;
  • agar chegirma taqdim etish iste’molchidan shaxsga doir ma’lumotlarni taqdim etishni yoki ro‘yxatdan o‘tkazishni talab qilsa, sotuvchi shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etishi hamda iste’molchini ushbu ma’lumotlarga ishlov berish maqsadlari va shartlari to‘g‘risida xabardor qilishi shart.

O‘z navbatida, rag‘batlantiruvchi aksiyalarni o‘tkazishda sotuvchi iste’molchilarga aksiya muddatlari, ishtirok etish shartlari, aksiyada ishtirok etuvchi tovarlarning nomi (toifasi) va miqdori to‘g‘risida aniq va tushunarli ma’lumotlarni yetkazishi, aksiya shartlarini o‘zgartirmasligi hamda taklif etilayotgan chegirmalar, bonuslar va boshqa imtiyozlar haqiqatda qo‘llanilishini ta’minlashi shart.

Shuningdek, alkogol va tamaki mahsulotlari, nikotin va tamaki iste’mol qilish moslamalarini sotishda chegirmalarni qo‘llash taqiqlanadi. Dori vositalari, biologik faol qo‘shimchalar, oziq-ovqat qo‘shimchalari, shuningdek energetik ichimliklar reklamasida rag‘batlantiruvchi aksiyalar o‘tkazish taqiqlanadi.

Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi tadbirkorlik subyektlarini qonunchilik talablariga qat’iy rioya etishlari zarurligi haqida ogohlantirdi. Qonunbuzarliklar aniqlangan taqdirda, tegishli javobgarlik choralari qo‘llaniladi.