Shavkat Mirziyoyev 10-dekabr kuni korrupsiyaga qarshi kurashish, komplayens nazoratini takomillashtirish va raqamlashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Sogʻliqni saqlash, maktabgacha va maktab taʼlimi, kadastr va qurilish tizimlari hamda davlat xizmatchilari orasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, kadrlarni ishga olishda shaffoflikni taʼminlash, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha oʻquv kurslarida oʻqitish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Sohadagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish klasterini yoʻlga qoʻyish taklif etildi. Bu tizim Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, Hisob palatasi va Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi, idoralarning ichki nazorat boʻlinmalari, taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari oʻrtasida mazkur illatga qarshi kurashish boʻyicha yaqin hamkorligini oʻrnatish va ularning saʼy-harakatlarini birlashtirishga xizmat qiladi.
Klaster doirasida axborot almashish, qoʻshma tadbirlar oʻtkazish, monitoring va baholash orqali yaxlit ekotizim yaratiladi, ishlarning samaradorligi oshadi. Taqdimotda sohani raqamlashtirish va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish masalalariga alohida toʻxtalib oʻtildi.
Turli idoralarning maʼlumot bazalarini integratsiya qilish asosida Xavf-tahlil markazini tashkil etib, korrupsion xavflarni hamda davlat xaridlarida affillanganlik holatlarini avtomatik aniqlash rejalashtirilgan. Shuningdek, komplayens boʻlimlarning ishini toʻliq raqamlashtirish, korrupsiyaviy omillar va xavf-xatarlarni aniqlash tezkorligini oshirish boʻyicha rejalar taqdimot qilindi.
Qarorlar qabul qilishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish muhim ekani koʻrsatib oʻtildi. Shu maqsadda “E-qaror” tizimida hujjatlarning ochiq eʼlon qilinishi ustidan nazoratni hamda budjet mablagʻlaridan foydalanishda jamoatchilik nazorati imkoniyatlarini kengaytirish topshirildi. Preventiv choralarning koʻlami va taʼsirchanligini oshirishga alohida eʼtibor berildi.
Soha va tarmoqlarda korrupsiya omillarini bartaraf etish boʻyicha loyiha ofislarini tashkil etish taklif qilindi. Bunda korrupsiya jinoyatlari statistikasi va byurokratiya darajasi yuqori, faoliyati boʻyicha fuqarolardan eng koʻp murojaatlar kelib tushayotgan hamda raqamlashtirish darajasi past boʻlgan sohalar bilan manzilli ishlash zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Bunday soha va tarmoqlarda loyiha ofislari tashkil etilib, faoliyat yakunlari boʻyicha hisobot tayyorlanadi va jamoatchilikka eʼlon qilinadi.
Umuman, korrupsiyaga qarshi kurashish jarayoniga keng jamoatchilikni jalb qilish muhimligi taʼkidlandi. Bu borada investitsiya loyihalarining ijrosini nazorat qiluvchi tashabbuskor guruhlarni koʻpaytirish, qurilish ishlarini nazorat qilishda mahalla faollarining ishtirokini taʼminlash taklif qilindi.
Korrupsiya haqida xabar berayotganlar sonini oshirish maqsadida ularga himoya orderi berishni yoʻlga qoʻyish, ragʻbatlantirishning real mexanizmini joriy etish muhimligi taʼkidlandi. “Korrupsiyaga qarshi kurashishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishonini taʼsis etish tashabbusi ilgari surildi.
Prezident qo‘shilgan qiymat solig‘i ma’muriyatchiligida suiiste’molchiliklarni bartaraf etish, turli sohalarda iqtisodiy huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi axborot bilan ham tanishdi. Inson omilini kamaytirish, qo‘shilgan qiymat solig‘i hisobini to‘liq avtomatlashtirishga o‘tish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Mutasaddilarga iqtisodiy qonunbuzarliklarning nafaqat oqibatlarini, balki sabablarini ham bartaraf etishga e’tibor qaratish, raqamlashtirish, masofaviy nazorat va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish, moliyaviy va huquqiy savodxonlikni oshirish, shu jumladan media-resurslar orqali oshirish, huquqbuzarliklar uchun sharoit yaratayotgan huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida qonunchilikni doimiy ravishda takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi.