Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida pokistonlik jurnalist va yozuvchi Muhammad Abbos Xonning “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti” nomli kitobining o‘zbek tilidagi nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi va Oliy Majlis vakillari, Pokiston Prezidentining maslahatchisi va matbuot kotibi Murtazo Solangi, ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari, fan, adabiyot va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

“O‘zbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti” kitobi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Uchinchi Renessans g‘oyasi hamda uning rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar dasturining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan badiiy-publitsistik asardir.

Kitobga Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif so‘zboshi yozgan bo‘lib, bu mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi ishonch va mustahkam do‘stlikning yorqin ramzidir.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Xayrli ish yaxshi niyatdan boshlanadi”, degan so‘zlari muallif tomonidan “chin ma’nodagi o‘zgarishlar insonning ezgulik va adolatga xizmat qilish istagidan boshlanadi”, deb talqin qilingan va kitobning falsafiy asosini tashkil etgan.

Pokistonlik siyosatchilar va ilmiy ekspertlarning fikricha, yozuvchi Muhammad Abbos Xonning ushbu asari, unda ifodalangan g‘oya va talqinlar nafaqat Pokistonda, balki Yevropa va boshqa mamlakatlarda ham yuksak qadrlanadi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar kitob xalqaro maydonda Uchinchi Renessans va Yangi O‘zbekiston g‘oyalarini yanada chuqur anglash, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi hamkorlik va do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.