11-dekabr kuni Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar bermoqda.
Unda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Oxirgi marta stavka joriy yilning mart oyida o‘zgargan edi. O‘shanda Markaziy bank uni 13,5 foizdan 14 foizga ko‘targan edi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari inflyatsion bosim va inflyatsion kutilmalarning bosqichma-bosqich pasayishiga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, iqtisodiyotda barqaror yalpi iste’mol talabi, taklif omillari hamda xizmatlar sohasidagi narxlarning yuqori dinamikasi ta’sirida ma’lum inflyatsion xatarlar saqlanib qolmoqda. Qabul qilingan qaror o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyani barqaror pasaytirish trayektoriyasiga erishishga qaratilgan.