Toshkentda qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish uchun maxsus texnikalar ko‘zdan kechirildi. Bu haqda HET matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tadbirlar Yashnobod tumanidagi «Texnopark» majmuasida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov, tuman hokimliklari rahbarlari, shuningdek, YHXB, Soliq boshqarmasi, FVB, Milliy gvardiya, Obodonlashtirish, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmalari boshliqlari ishtirok etdi.
Qishki davrning noqulay ob-havo sharoitlarida tezkor va samarali harakat qilishni ta’minlash uchun quyidagi kuch va vositalar to‘liq shay holatga keltirildi:
- 51 ta ekskavator-yuklagich;
- 273 ta avariya-tiklash brigadalari;
- 52 ta avtokran;
- 25 ta samosval;
- 31 ta suv haydash nasosi;
- 427 ta boshqa maxsus texnika.
Ko‘rik davomida texnikaning texnik sozligi, butlanganligi va uzluksiz ishlashga, shu jumladan favqulodda vaziyatlar sharoitida ishlashga tayyorligi baholandi. Bundan tashqari, barcha sohaviy xizmatlarning barqaror va muvofiqlashtirilgan ishini ta’minlashni hisobga olgan holda, anomal past harorat davrida shahar hududida qo‘llaniladigan kuch va vositalarning taqsimlanishi tahlil qilindi.