7-14-dekabr kunlari Dubay shahrida yoshlar o‘rtasida Paraosiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tdi va unda O‘zbekiston para atletlari umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar bermoqda.

Musobaqada Osiyoning 35 davlatidan 1500 nafarga yaqin sportchi 11 sport turi bo‘yicha medallar uchun kurash olib bordi. O‘zbekiston delegatsiyasi para yengil atletika, para taekvondo, bochcha, para suzish, para armrestling va para pauerlifting musobaqalarida ishtirok etib, jami 197 ta medal (99 ta oltin, 57 ta kumush va 41 ta bronza) qo‘lga kiritdi.

Musobaqa g‘oliblarini Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, prezidentning sport masalalari bo‘yicha vakili Odil Abdurahmonov, shuningdek, Sport vazirligi, Milliy olimpiya va paralimpiya qo‘mitalari rahbariyati tantanali kutib oldi.

“Olimpiya shaharchasi”da para atletlarni tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida Tanzila Norboyeva prezidentning para sportchilarga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.

Shavkat Mirziyoyev sportchilarni V yoshlar Paraosiyo o‘yinlarida qo‘lga kiritilgan buyuk tarixiy g‘alaba bilan samimiy tabrikladi.

Sizlar ulkan azmu shijoatingiz, bukilmas iroda va intilishingiz bilan Osiyoning milliy sporti jadal rivojlanayotgan Eron, Yaponiya, Tailand, Indoneziya kabi davlatlari jamoalarini ham ortda qoldirishga muvaffaq bo‘ldingiz.

O‘zbekiston Paraosiyo o‘yinlari tarixida bunday rekord natija, bunday buyuk zafar ilgari hech qachon bo‘lmagan edi. Hech shubhasiz, sizlar yurtimiz sportida shonli tarix va an’analar yaratayotgan yoshlar, mohir mutaxassislar sifatida yuksak tahsin va tasannolarga munosibsiz.

Butun xalqimiz, jonajon Vatanimiz sizlar bilan faxrlanadi. Sizlar O‘zbekiston paralimpiya harakatining oltin avlodi, oltin vakillarisiz. Bunday qahramon yoshlarimizga shon-sharaflar bo‘lsin! — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident o‘z vazn toifalarida jahon rekordini o‘rnatgan Bahriddin Xolbo‘tayev, Elbek Farhodov, Oyshajon Rajabboyeva, Ruxshona O‘ktamova, shuningdek, Osiyo rekordini o‘rnatgan Nurillo Inobiddinov, E’zoza Abdujabborova, Azizbek Perdebayev, Ruxshona O‘ktamova, Ziyodaxon Boqijonova, Zuhra Yo‘ldosheva, Gulyuz Ne’matullayeva kabi parapauerlifterlarni alohida e’tirof etdi.

Yana bir muhim tarixiy natija: parayengil atletikaning yadro uloqtirish va nayza uloqtirish yo‘nalishlarida Madina Muxtorova, Farog‘at Muhammadqulova, Mohichehra Ibragimova raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmay, O‘zbekiston delegatsiyasining barcha medallarini qo‘lga kiritdi.

Bularning barchasi — sizlarning tinimsiz mehnatingiz, bukilmas irodangiz, iste’dod va mahoratingiz, qolaversa, yurtimizda inson qadrini amalda ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlarimiz natijasi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Sizlar erishgan ulkan zafar Yangi O‘zbekiston yoshlari qanday katta marralarni egallashga qodir ekanini amalda yana bir bor ko‘rsatgani bilan ham g‘oyat ahamiyatlidir. Bu g‘alaba, hech shubhasiz, minglab yoshlarimizga g‘urur va iftixor, intilish va ilhom manbai, katta tajriba maktabi bo‘lib xizmat qiladi, — dedi prezident.

Davlat rahbari mard va olijanob o‘g‘il-qizlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan ota-onalarga, fidoyi va yuksak professional murabbiylarga, bu yo‘lda O‘zbekiston sportchilarini doimo qo‘llab-quvvatlab kelayotgan barcha muxlislarga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, marosimda so‘zga chiqqan mutasaddilar yosh para atletlarni erishgan muvaffaqiyatlari bilan tabriklab, kelgusi sport faoliyatlarida yangi zafarlar tiladi. Tadbir doirasida Paraosiyo o‘yinlari sovrindorlari va ularning murabbiylari bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlandi.