Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun FIFAning mintaqaviy ofisi ochiladi. Bu haqda prezident qarorida aytilgan.

Hujjat bilan hududiy ofisni tashkil etish va saqlash xarajatlari birinchi navbatda FIFA tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan, yetishmayotgan qismi esa O‘zbekiston futbolini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, biroq umumiy xarajatlarning 50 foizidan oshmagan miqdorda qoplanishi belgilandi.

Yangi hududiy ofis O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi binosida joylashtiriladi, hududiy ofis binosini ta’mirlash, zarur mebel, jihoz, texnika va transport vositalari bilan ta’minlash xarajatlari Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan qoplanadi. Bunda mazmun bo‘yicha minimal talablar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan belgilanadi.