Vatikanning Havoriylar saroyida O‘zbekistonning Muqaddas taxtdagi yangi elchisi Farrux Tursunov Rim-katolik cherkovi rahbari Lev XIV ga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.
Elchi pontifikka O‘zbekistonda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shuningdek, demokratik institutlarni mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomidan Rim Papasiga samimiy salom va eng ezgu tilaklar yetkazilgani xabarda ta’kidlandi.
Lev XIV Vatikan va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon o‘tgan 33 yil davomida turli millat va din vakillari o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga qaratilgan mustahkam hamkorlik salohiyati shakllanganini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida Lev XIV prezident Shavkat Mirziyoyevga farovonlik va o‘zbek xalqiga ravnaq tilab duo qilishini ta’kidlab, Muqaddas Taxt va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va konstruktiv hamkorlik yanada mustahkamlanishini tiladi.