Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva mutasaddi rahbarlar bilan xotin-qizlar va bolalar huquqlari himoyasini ta’minlashning dolzarb masalalarini muhokama qildi.
Yig‘ilishda xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish, uning sabablarini bartaraf etish, erta homiladorlikning oldini olish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Saida Mirziyoyeva zo‘ravonlik holatlariga tezkor munosabat bildirishning samarali tizimini yaratishni taklif qildi.
Biz oilaviy zo‘ravonlikka qarshi qonun qabul qilgan Markaziy Osiyodagi birinchi davlatmiz. Bolalarga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyatlar uchun javobgarlikni ham kuchaytirdik. Ammo bu bilan cheklanib qolmaslik kerak. Zo‘ravonlik holatlariga qarshi tezkor chora ko‘rishning samarali tizimini ishlab chiqish zarur. Ko‘pincha haqiqiy ahvol ko‘zga ko‘rinmaydi, ko‘p narsa yashiriladi. Biz hali ham statistikani oshkor qilishdan, ta’na-malomatga qolishdan, obro‘yimiz to‘kilishidan qo‘rqamiz, tanqidni qabul qilolmaymiz, — deyiladi xabarda.
Saida Mirziyoyeva zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga qarshi murosasiz kurashish, ayollar va bolalar huquq va manfaatlarini samarali himoya qilish so‘zda emas, amalda bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Barcha mas’ul rahbarlarni bugungi suhbatdan tegishli xulosa chiqarishga chaqiraman. Inson taqdiri statistikadan ming karra muhimroq, — dedi u.