Shavkat Mirziyoyev 16-dekabr kuni Toshkent shahrini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar bermoqda.
Davlatimiz rahbari so‘nggi 9 yilda erishilgan natijalar haqida ma’lumot berdi. 20 milliard dollardan ziyod to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, 5 mingga yaqin yirik loyihalar amalga oshirildi. Aholi jon boshiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 2017-yildagi 71 dollardan 2,2 ming dollarga yetdi.
Shaharda savdo maydonlari 14 barobarga ko‘payib, 67 million kvadrat metrga yetdi, tadbirkorlar soni 140 mingga yaqinlashdi. “Tungi iqtisodiyot”ning asosi bo‘lgan uch mingdan ziyod 24 soatlik obyektlar faoliyat ko‘rsatmoqda.
Aholining o‘zi “Shahar piyodalar uchun” tamoyili asosida Toshkentdagi ijobiy o‘zgarishlarni qayd etayotganini aytmoqda. 1 mingta zamonaviy elektrobus va avtobuslar keltirilib, 168 ta yangi yo‘nalish ochildi. Qo‘shimcha 33 kilometr metro yo‘li va 21 ta yangi bekat barpo etildi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Toshkent shahrining doimiy aholisi yiliga o‘rtacha 100 ming kishiga ko‘payib, 2030-yilga borib 3,5 milliondan oshishi kutilmoqda. Bu vaqtga kelib, shaharning YHM hajmi 52 milliard dollarga yetishi, aholi daromadlari deyarli ikki baravar ko‘payib, yiliga 15 ming dollarga yoki oyiga 1250 dollarga yetishi kutilmoqda.
Prezidentimiz bu maqsadlarga erishish uchun hokim va uning o‘rinbosarlari, 12 ta tuman hokimlari shahardagi uy-joy fondini, transport, energetika, ta’lim va tibbiyot, xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini dunyoning zamonaviy megapolislari darajasida qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha tinimsiz ishlashi kerakligini ta’kidladi.
Toshkentni moliya, ilg‘or texnologiyalar, madaniyat va turizm markaziga aylantirish kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Toshkentni boshqarishda ba’zi “o‘zgarishlar”ni e’lon qildi. 2026-yil “Jadal rivojlanish va aholi daromadlarini oshirish yili” deb e’lon qilinib, maxsus keng ko‘lamli dastur qabul qilinishi kutilmoqda.