20-dekabrdan 10-yanvargacha O‘zbekistonda obodonlashtirish va tozalik bo‘yicha “Dolzarb 20 kunlik” o‘tkaziladi. Aksiya Milliy ekologiya qo‘mitasi rahbari Aziz Abduhakimov tashabbusi bilan o‘tkaziladi.

Respublika ishchi shtabi tuzilib, tadbir davomida sanitar tozalash korxonalari tomonidan barcha hududlar qattiq maishiy chiqindilardan tozalanadi. Shuningdek, mahalla hududlarini ozoda saqlash, bayram kunlari chiqindilar to‘planib qolishining oldini olish, chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqib ketish jadvaliga qat’iy rioya qilish choralari ko‘riladi.

Tadbirlardan ko‘zlangan maqsad Yangi yil bayramini nishonlash davrida aholiga bayramona kayfiyat ulashish, atrof-muhit musaffoligini saqlash, ekologik muhitni yanada yaxshilashga hissa qo‘shishdan iborat.

Shu munosabat bilan, jismoniy va yuridik shaxslardan chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishda atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishlarini, shu jumladan, belgilanmagan joylarga chiqindi tashlamasliklarini so‘raymiz. Eslatib o‘tamiz, har qanday ekologik huquqbuzarliklar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi, — deyiladi xabarda.

O‘zbekistonliklar chiqindilarni boshqarish sohasi va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati bo‘yicha shikoyat va takliflar bilan Chiqindilarni boshqarish va aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining 1205 qisqa raqamiga murojaat qilishlari mumkin.