Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreya Milliy Assambleyasi spikeri U Von Shik boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Tomonlar davlatlar o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini, shu jumladan parlamentlar yo‘nalishi bo‘yicha, yanada rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Siyosiy va parlamentlararo aloqalar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi va Koreya investitsiyalari, eng avvalo, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va yuqori texnologik ishlab chiqarishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi ortib bormoqda.

O‘zbekistonda Koreyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalarining to‘rtta filiali, shuningdek, mamlakatimiz hududlarida professional ta’lim markazlari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Tomonlar infratuzilmani rivojlantirish, transport va logistika, noyob metallar va muhim xomashyoni qayta ishlash, shuningdek, qonun ijodkorligi faoliyatini raqamlashtirish va ilg‘or boshqaruv yechimlarini joriy qilish sohalarida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlik dasturini tayyorlash, shuningdek, parlamentlardagi «do‘stlik guruhlari» ishini faollashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar, shu jumladan “Markaziy Osiyo—Koreya Respublikasi” sammiti doirasidagi tadbirlar kun tartibini puxta tayyorlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.