Prezident Toshkentning bir nechta tumanlarida Tashkent Cityga o‘xshash yangi majmualar qurish rejalarini e’lon qildi. U bu haqda poytaxtni rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda ma’lum qildi.
Ushbu majmualar Chilonzor, Yakkasaroy va Olmazor tumanlarida 2,5 milliard dollarga quriladi. Shaharning Uchtepa tumanidagi Uchtepa City loyihasi doirasida 37 gektarlik maydonda zamonaviy mehmonxonalar, biznes markazi, savdo-ko‘ngilochar majmuasi va turar-joy kvartiralari qurish rejalashtirilgan. Bularning barchasi 1 milliard dollarga tushadi.
Shuningdek, Uchtepa, Chilonzor, Yakkasaroy, Shayxontohur va Olmazor tumanlari xizmat ko‘rsatish sohasi, kreativ iqtisodiyot, dizayn va turizmga ixtisoslashishi belgilandi.
Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod, Mirobod va Yashnobod tumanlari sun’iy intellekt, startaplar, fintex, moliya, tibbiyot va ta’lim sohalarida loyihalarni rivojlantiradi. Bunga qo‘shimcha milliard dollar sarflanadi.