Akmal Shukurovning jazosini yengillashtirgan apellyatsiya sudiga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Bu haqda Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Akmal Shukurovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq holatlarni aniqlash maqsadida Toshkent shahar apellyatsiya sudiga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Uni Sudyalar oliy kengashi o‘tkazadi. Tekshirish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Eslatib o‘tamiz, apellyatsiya sudi Toshkentda Boris Avakyanni firibgarlik va vahshiylarcha kaltaklagani uchun sudlangan Akmal Shukurovga tayinlangan 8 yillik qamoq jazosini 4 yil-u 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosiga o‘zgartirib, o‘tgan 263 kunni qo‘shib, qamoqdan ozod qilgandi.

Keyinroq Toshkent prokuraturasi jazoning bir qismini ozodlikni cheklash jazosiga almashtirish sharti bilan manzil-koloniyadan ozod qilingan Akmal Shukurovga nisbatan sudning yengilroq jazo tayinlash to‘g‘risidagi qaroriga protest kiritdi, ish yana qayta ko‘rib chiqiladi.

Uch nafar sudyadan iborat nazorat hay’ati prokuratura protestini qanoatlantirdi, apellyatsiya sudi qarori bekor qilindi, birinchi sud qarori o‘zgartirildi.

Sud firibgarlik moddasi bo‘yicha jazoni yengillashtirib, ozodlikdan mahrum qilish o‘rniga 5 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi. Badanga og‘ir shikast yetkazish moddasi bo‘yicha — besh yil, bezorilik moddasi bo‘yicha — uch yil ozodlikdan mahrum qilish.

Jinoyat-protsessual tizimining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, bir nechta ayblov moddalari bo‘yicha jazolarni qo‘shish bilan Akmal Shukurov o‘talgan jazo va tergovda o‘tgan vaqtni hisobga olgan holda 5 yil 3 oy 12 kunga ozodlikdan mahrum qilindi.