Oliy Majlis Senati bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonunni qabul qildi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Hujjatda internetdan foydalangan holda bolalarga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etganlik uchun javobgarlik belgilandi. Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, voyaga yetmagan guvohni yoki jabrlanuvchini so‘roq qilishning bir kunlik umumiy davomiyligi hamda ularning qonuniy vakillari so‘roq qilish jarayonida ishtirok etishi tartibi belgilanmoqda.

Senatorlar qonun jinoyatlarning oldini olishga, sodir etilgan jinoyatlar uchun jazo muqarrarligini ta’minlashga, shuningdek, bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilishini ta’kidladi.