O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga rasmiy tashrifi doirasida Nara shahri meri Gen Nakagavani qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Tomonlar madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratgan holda hududlararo aloqalarni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Chuqur tarixiy aloqalarga ega bo‘lgan Samarqand va Nara shaharlari o‘rtasida birodarlik munosabatlari o‘rnatilgani yuksak baholandi.
Samarqand ko‘p asrlar davomida Buyuk ipak yo‘lining markazi, Yaponiyaning qadimiy poytaxti Nara esa uning sharqiy darvozasi bo‘lgani ta’kidlandi. Ushbu shaharlar xalqaro savdoni rivojlantirish va bilim almashishda katta rol o‘ynagan, sivilizatsiyalar o‘rtasida madaniy ko‘priklarni shakllantirgan.
Uchrashuvda 2027-yilda Nara milliy muzeyida namoyish etiladigan O‘zbekiston madaniyati va tarixiga oid arxeologik ko‘rgazmaga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligi ta’kidlandi. Loyiha O‘zbekiston-Yaponiya diplomatik munosabatlari o‘rnatilganining 35 yilligi munosabati bilan keng ko‘lamli madaniy voqea bo‘ladi.
Ikki mamlakat va xalq o‘rtasidagi abadiy do‘stlik va madaniy-tarixiy yaqinlik ramzi sifatida Gen Nakagava meriyaning yangi Nara bog‘laridan biriga Samarqand shahri nomini berishga qaror qilganini ma’lum qildi.
Suhbat chog‘ida qardosh shaharlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni faol ilgari surish, qishloq xo‘jaligi, turizm, to‘qimachilik, transport, logistika va shaharsozlik kabi sohalarda qo‘shma kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.