Bu hafta O‘zbekistonda yog‘ingarchilik kutilmoqda, kunduzgi havo harorati 10 darajagacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.

22-dekabrda O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat ertalab Buxoro, Navoiy, Surxondaryo viloyatlarida va kun davomida tog‘ oldi va tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. O‘z navbatida, 23-24-dekabr kunlari yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi, faqat Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida 23-dekabr kuni kechasi va ertalab ba’zi joylarda biroz qor yog‘ishi mumkin.

Sinoptiklarning qayd etishicha, 25-26 dekabr kunlari Qoraqalpog‘istonda va Xorazm viloyatida vaqti-vaqti bilan asosan qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi. 26-dekabrda Toshkent viloyatida ba’zi joylarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. O‘zbekistonning qolgan hududlari bo‘yicha shu kunlarda yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Kechasi asosan 3 daraja sovuq, 2 daraja iliq, kunduzi 22 dekabrda 0-5 daraja iliq, 23-25 dekabrda 5-10 daraja iliqqacha asta-sekin ko‘tarilishi kutilmoqda, 26 dekabrda 2-7 daraja iliq bo‘ladi.

Shamol sharqdan kuchsizdan o‘rtachagacha esadi. Ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin. 22-23-dekabr kunlari yo‘llarda ba’zi joylarda yaxmalak kuzatiladi. Tog‘li hududlarda ba’zi joylarda qor yog‘adi. Qor ko‘chishi xavfi bor.