25-dekabrdan 3D texnologiyasida suratga olingan “Sehrlandiya: qahramonlik missiyasi” nomli birinchi to‘liq metrajli animatsion film namoyishi boshlanadi.
5 yoshdan katta bolalarga mo‘ljallangan film Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Bolalar kontentini rivojlantirish markazi buyurtmasiga binoan Lola Animation studiyasi tomonidan suratga olingan. Markazda ta’kidlanishicha, multfilmning maqsadi bolalarga do‘stlik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, mehr-oqibat va hamjihatlik kabi qadriyatlarni singdirishdan iborat.
19-dekabr kuni o‘g‘li bilan film premyerasiga prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva tashrif buyurdi. Shuningdek, The Walt Disney kompaniyasining iste’dodlarni rivojlantirish bo‘yicha vitse-prezidenti, 8 karra “Emmi” mukofoti sovrindori va Screecherspix telekompaniyasi asoschisi Xayma Vashington ham ishtirok etdi.

Zalda 2000 nafar bolajon bor edi — ularning ko‘zlaridagi quvonch, hayrat va samimiy kulgini ko‘rib, ko‘nglim to‘lib ketdi. Bolalar multfilmni shunchaki tomosha qilishmadi, go‘yo ichiga kirib ketishdi, qahramonlar bilan birga yashashdi, xursand bo‘lishdi, xavotir olishdi, — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Saida Mirziyoyeva bu O‘zbekiston tarixida 3D formatida yaratilgan birinchi to‘liq metrajli animatsion film ekanligini ta’kidladi:
O‘zbekiston tarixida ilk bor 3D formatda ishlangan to‘liq metrajli animatsion film — bu birinchi qadam. Lekin eng muhimi — bu qadam tashlandi. Ona sifatida aytaman: bolalarimiz o‘z tilida, o‘z ruhiyatiga yaqin, zamonaviy multfilmlarni ko‘rib ulg‘ayishi juda muhim.