Shavkat Mirziyoyev 22-dekabr kuni Sankt-Peterburgdagi “Ermitaj” davlat muzeyida MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Uchrashuvda joriy yilda birgalikda amalga oshirilgan ishlarning asosiy yakunlari sarhisob qilinib, kelgusi yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar belgilab olindi. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

O‘zaro tovar ayirboshlashni ko‘paytirish uchun qulay sharoitlarni shakllantirish, transport sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, o‘zaro investitsiyalar o‘sishini rag‘batlantirish va kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, energetika va raqamlashtirish sohalarida hamkorlikni kuchaytirish, fan, ta’lim, madaniyat va san’at sohalarida qo‘shma loyihalarni kengaytirish, shuningdek, hududlar o‘rtasidagi uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirish muhimligi qayd etildi.

Hamdo‘stlik mamlakatlari o‘rtasidagi madaniy-gumanitar almashinuvni saqlab qolish va rivojlantirish, xususan, yoshlarning ijodiy, innovatsion va intellektual salohiyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash zarurligi qayd etildi.