Shavkat Mirziyoyev kuzatuvchi davlat rahbari maqomida Sankt-Peterburg shahrida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Yig‘ilish Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko raisligida Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiya rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Kuba va Eron prezidentlari videomurojaat bilan chiqish qildi, Indoneziya savdo vaziri ham ishtirok etdi.
Uchrashuv kun tartibidan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi, transport sohalarini rivojlantirish va qo‘shma dasturlarni amalga oshirish masalalari o‘rin oldi.
O‘zbekiston prezidenti YOII mamlakatlari bilan hamkorlik tashqi iqtisodiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. Kuzatuvchi maqomidagi to‘rt yil ichida O‘zbekistonning ittifoq mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi qariyb ikki baravar oshdi va 20 milliard dollarga yaqinlashdi.
Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan 2026-yilgacha Savdo, sanoat, moliya, agrosanoat va transport sohalarida 40 ga yaqin tadbirni o‘z ichiga olgan Hamkorlik rejasini amalga oshirish davom etmoqda. Qo‘shma ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishi Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston YOIIning savdo va transportni raqamlashtirish, elektron tijoratni rivojlantirish va iqlim tashabbuslari bo‘yicha dasturlarida ishtirok etmoqda. Shuningdek, bojxona ma’lumotlarini almashish bo‘yicha kelishuv bo‘yicha muzokaralarni boshlashga qaror qilindi, bu, davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, nazorat samaradorligini oshiradi va chegaralardagi kechikishlarni kamaytiradi.
O‘zbekiston prezidenti savdo to‘siqlarini bosqichma-bosqich bartaraf etish, texnik, sanitariya va fitosanitariya talablarini yaqinlashtirishga chaqirdi hamda tartib-taomillarni unifikatsiya qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish, tarif va notarif to‘siqlar bo‘yicha qo‘shma muvofiqlashtiruvchi guruh tuzishni taklif qildi.
Sanoat kooperatsiyasi, Yevroosiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlik, bojxona ma’muriyatchiligini raqamlashtirish va “uzluksiz” yuk tashishni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari alohida qayd etildi.
O‘zbekiston, shuningdek, YOII texnologik platformalarida ishtirok etish va turistik axborot resurslarini integratsiya qilishdan manfaatdorligini bildirdi.
Yakunda Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan har tomonlama va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish borasidagi intilishi qat’iy ekanini tasdiqladi.