Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga tashrifi ikki tomonlama munosabatlar rivojida sifat jihatidan yangi bosqich bo‘ldi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Imperator, bosh vazir, parlament palatalari rahbariyati, Hukumat a’zolari, ishbilarmon va akademik doiralar vakillari bilan o‘tkazilgan muzokaralar ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik an’anaviy formatdan chiqib, uzoq muddatli strategik mazmun kasb etganini ko‘rsatdi.
Tashrifning asosiy xususiyati amaliy iqtisodiy mazmun tomon siljish bo‘ldi. Uzoq vaqt davomida O‘zbekiston va Yaponiya munosabatlari asosan gumanitar hamkorlik va texnik ko‘mak loyihalariga tayangan. Shavkat Mirziyoyevning pragmatik va izchil siyosati natijasida ikki tomonlama kun tartibi qayta shakllantirilib, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini qamrab oldi.
Umumiy qiymati 12 milliard dollardan ziyod bo‘lgan yangi kooperatsiya loyihalari portfeli shakllantirilgani buning yaqqol tasdig‘idir. Gap ta’lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya va suv resurslari, transport va shaharsozlik, turizm, qishloq xo‘jaligi, shuningdek, tabiiy ofatlar xavfini boshqarish sohalaridagi kelishuvlar to‘plami haqida bormoqda. “Yashil” energetika, energiya saqlash tizimlari va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish borasidagi qo‘shma loyihalarga alohida e’tibor qaratildi. Yaponiyaning yetakchi korporatsiyalari bilan uzoq muddatli hamkorlik dasturlarini qabul qilish taklif etildi.
Prezidentning “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammitidagi ishtiroki tashrifning muhim voqeasi bo‘ldi. Mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik, “yashil” iqtisodiyot, investitsiyaviy va raqamli sheriklik hamda inson kapitalini rivojlantirish borasida ilgari surilgan tashabbuslar O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda hamkorlikning yangi arxitekturasini shakllantirishda faol ishtirok etishga intilishini aks ettiradi. Tokio deklaratsiyasining qabul qilinishi ushbu yondashuvni ko‘p tomonlama darajada mustahkamladi.
Umuman olganda, Yaponiyaga tashrif yakunlari O‘zbekiston dunyoning muhim texnologik va investitsiya markazlaridan biri bilan to‘laqonli strategik sheriklikka izchil o‘tayotganini ko‘rsatdi. Bu mamlakatning ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish, yirik infratuzilma va sanoat loyihalarini amalga oshirish, mintaqaviy va global iqtisodiy jarayonlarda o‘z o‘rnini mustahkamlashga intilishini tasdiqlaydi.