O‘zbekistonda zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati tashkil etiladi. Bu haqda hukumat qarorida aytilgan.
Tadbir 2026-yil 1-fevraldan boshlanadi. Dasturga zo‘ravonlik tufayli oilalardan olib qo‘yilgan, shuningdek, xavf ostida bo‘lgan va ijtimoiy xavfli vaziyatda bo‘lgan bolalar qabul qilinadi. Bolalar «Inson» markazlari bilan tuzilgan shartnoma asosida professional tutingan oilalarga joylashtiriladi.
Tutingan ota-onalar har bir tarbiyalanuvchining parvarishi uchun har oyda MHEKMning 2 baravari miqdorida to‘lov oladilar. Shuningdek, hokimiyat bunday oilaga joylashtirilgan har bir bolaning ta’minoti uchun oilaviy bolalar uylarida bolalarni saqlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq mablag‘ ajratadi.
Bunda, professional tutingan oilani tashkil etishga nomzodlar zo‘ravonlik oqibatida bolalarga yetkazilgan ruhiy jarohatlarning salbiy ta’sirini kamaytirish, xulq-atvoridagi og‘ishlar va ularning oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan ijtimoiy reabilitatsiya dasturlari asosida o‘qitiladi.
2026-yil 1-martdan boshlab «Mehrli xonadon» tizimi ishga tushiriladi. U «Inson» markazlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ota-onalari uchun tashkil etiladi. Dasturda ishtirok etish uchun ota-onalar viloyatlar va Toshkent shahridagi bolalar ishlari bo‘yicha komissiyalarning qarorlari asosida jalb etiladi. Hukumat ularga farzandlarining oilalari bilan buzilgan munosabatlarni tiklash va ularning ijtimoiylashuviga yordam berish uchun bepul «oilaviy terapiya» xizmatlarini taqdim etadi.
Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan hokimiyat organlari zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan, shuningdek zo‘ravonlik guvohi bo‘lgan bolalarga huquqiy yordam ko‘rsatadi. Shuningdek, endilikda bolalarning birlamchi ko‘rsatuvlari videotasvirga tushiriladi, ta’lim, sog‘liqni saqlash yoki ijtimoiy soha xodimlari tomonidan bolalarga nisbatan aniqlangan zo‘ravonlik holatlari to‘g‘risida xabar bermaganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etiladi.