Tojikiston va Afg‘oniston chegarasida chegarachilar va terrorchilar otryadi o‘rtasida qurolli to‘qnashuv yuz berdi. Bu haqda Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi bayonotiga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Xatlon viloyatining Shamsiddin Shohin tumanida chegarani noqonuniy kesib o‘tgan terrorchilik tashkilotining uch nafar a’zosi qurolli qarshilik ko‘rsatib, zararsizlantirildi. Tojikiston chegara xizmatining ikki xodimi halok bo‘lgani aytilmoqda.
Voqea joyida uchta M16 avtomati, Kalashnikov avtomati, xorijda ishlab chiqarilgan ovoz so‘ndirgichli uchta to‘pponcha, 10 ta qo‘l granatasi, bitta tungi ko‘rish moslamasi, portlovchi moddalar va boshqa o‘q-dorilar musodara qilingan.
Qayd etilishicha, bu so‘nggi bir oy ichida Afg‘onistondan Tojikiston hududiga qurolli hujum, terrorchilik harakati va davlat chegarasini kesib o‘tish bilan bog‘liq uchinchi holat bo‘lib, tinch aholi va harbiy xizmatchilarning o‘limiga olib keldi. Terrorchilar hujumidan keyin chegaradagi vaziyat tinchligicha qolmoqda. Hodisa yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.
Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Tolibon hukumati Tojikiston bilan davlat chegarasida xavfsizlikni ta’minlash masalalarida mas’uliyatsizlik ko‘rsatayotganini qo‘shimcha qildi.