Toshkent viloyatida fermer xo‘jaligiga bolalar bog‘chalari tomonidan sotilgan mahsulotlar uchun ololmagan pullarini qaytarishga yordam berildi.
Tadbirkor muammoni hal qilish uchun biznes-ombudsmanga murojaat qildi. Murojaatda xo‘jalik va Bo‘ka tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida maktabgacha ta’lim muassasalariga yetkazib berilgan 189,5 mln so‘mlik go‘sht mahsulotlari uchun to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmagani ko‘rsatilgan.
Murojaat Ombudsman boshqarmasi tomonidan o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqildi. Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi mas’ul xodimlari ishtirokida masalani hal etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi. Natijada qarzdorlik to‘liq xo‘jalik hisobiga o‘tkazilgan.
Biznes masalalari bo‘yicha vakil tomonidan tijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarda yuzaga keladigan muammolarni tezkorlik bilan hal etish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.