Ijtimoiy tarmoqlarda avtobuslar yoqilg‘i quyish shoxobchalarida turishga majbur bo‘layotgani, buning oqibatida yo‘llarda jamoat transporti kamaygani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. “Toshshahartransxizmat” hodisaga izoh berdi.

Toshkentda mingdan ortiq metan bilan ishlaydigan avtobuslar qatnaydi. Ilgari ularni yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali amalga oshirilgan. Havo sovib ketayotgani, aholi, ijtimoiy muassasalar va strategik ahamiyatga ega obyektlarni bir maromda tabiiy gaz bilan ta’minlash zarurati tufayli jamoat transportiga xizmat ko‘rsatuvchi AGTKShlar soni vaqtincha 11 tagacha qisqartirildi.

AGTKShgacha bo‘lgan masofaning uzayishi, qish mavsumida gaz iste’molining ortishi va magistral gaz quvurlarida bosimning pasayishi gaz to‘ldirish vaqtining uzayishiga va navbatlarning yuzaga kelishiga olib keldi. Vaziyatni barqarorlashtirish, yo‘nalishlarda avtobuslar harakatini saqlab qolish va intervallarga rioya qilish, yo‘lovchilarga uzluksiz transport xizmati ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida 24 soatlik navbatchilik tashkil etildi.

“Toshshahartransxizmat”da avtobus haydovchilarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ijtimoiy tashabbus yo‘lga qo‘yilib, ular uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoqilg‘i quyish shoxobchalarida issiq ovqat tashkil etildi. Kompaniya rahbariyati va avtobus saroylari boshliqlari shaxsan AGTKShlarga borib, haydovchilar bilan suhbatlashdi va ularning takliflarini tingladi. “Toshshahartransxizmat” haydovchilar tarkibining mehnat sharoitlarini yaxshilash va tashish jarayonining barqarorligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni davom ettiradi.