2026-yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi 6,6 foizni tashkil etadi, yalpi ichki mahsulot esa 167 milliard dollarga yetishi mumkin. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan tabrigida ma’lum qildi.

Prezident bundan buyon har bir dollar investitsiya, avvalo, ilg‘or texnologiyalar transferiga, tashqi bozori aniq bo‘lgan, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga, energiya, suv, yer va boshqa tabiiy resurslardan foydalanish samaradorligini oshirishga, mahalliy ishchilarni yangi texnologiyalarga o‘qitib, mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi.

2026-yilda 52 milliard dollarlik 782 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihalari ishga tushiriladi, 14 milliard dollarlik 228 ta yangi yirik quvvatlar ishga tushiriladi. Innovatsiya asosida yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalar rag‘batlantiriladi.

Korxonalar mutaxassislarining ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik ishlanmalari bo‘yicha olgan daromadlari soliqdan ozod qilinadi.