O‘zbekistonda soliq hisobotlarini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun kichik biznes uchun jarimalar miqdori kamaytirildi. Bu haqda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlarda so‘z boradi.

Soliq hisobotlarini belgilangan muddatda taqdim etmaslik fuqarolarga BHMning 1 baravari (ilgari — BHMning 3 baravari), mansabdor shaxslarga — BHMning 3 baravari (ilgari — BHMning 10 baravari) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Mikrofirma va kichik korxonalar tomonidan soliq hisobotlari belgilangan muddatda taqdim etilmaganligi uchun BHMning 3 baravari miqdorida jarima ko‘zda tutilgan.

Bir oy davomida bir yoki bir necha soliq turlari bo‘yicha takroran huquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda, o‘z vaqtida taqdim etilmagan barcha soliq hisobotlari uchun bitta jarima qo‘llaniladi.

Agar soliq to‘lovchi soliq hisobotini belgilangan muddatdan kechiktirib, lekin besh ish kunidan kechiktirmay taqdim etsa, jarima qo‘llanilmaydi.