Shavkat Mirziyoyev 25-dekabr kuni “2026-yil uchun davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Hujjat Senat tomonidan 18-dekabr kuni ma’qullangan va kelgusi yilning 1-yanvaridan kuchga kiradi.
2026-yilda YaIM 6,6 foizga, 2027 – 2028-yillarda mos ravishda 6,8 va 6,9 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda. Inflyatsiya 7 foiz, 2027 yilda esa 5-6 foiz darajasida bo‘lishi kutilmoqda. Sanoat 6,4 foiz, qishloq xo‘jaligi 4,2 foiz, xizmatlar sohasi 14,5 foiz va qurilish 10,2 foiz o‘sishi prognoz qilinmoqda.
2026-yil uchun konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari hajmi 515,8 trillion so‘mni tashkil etishi prognoz qilinmoqda, bu o‘tgan yil oxirida qilingan dastlabki prognozlardan (496,4 trillion so‘m) yuqori.
Xarajatlar 567,7 trln so‘m miqdorida prognoz qilinmoqda (o‘tgan yilgi prognoz — 552 trln so‘m). Davlat qarzini to‘lash xarajatlari 49 trln so‘mni tashkil etadi (o‘tgan yili 50 trln so‘m).
Byudjetning daromadlari 368,9 trln so‘m (353,7 trln), xarajatlari esa 328,7 trln so‘m (343,5 trln) bo‘lishi kutilmoqda. Davlat maqsadli jamg‘armalarining daromadlari 78,6 trln so‘m (81,75 trln), xarajatlari 148,3 trln so‘m (129,49 trln) miqdorida prognoz qilinmoqda.