Shavkat Mirziyoyev 26-dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaatnoma yo‘lladi, deya xabar qildi prezident matbuot xizmati.

Prezident global inqirozlar va xavfsizlikka tahdidlarga qaramasdan, demokratik yangilanishlarni davom ettirish, xalqning birdamligi, yoshlar va tadbirkorlarning faolligi, vazmin tashqi siyosat tufayli mamlakatimiz 2025-yilda salmoqli yutuqlarga erishgani va xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilgan iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlaganini ta’kidladi.

Bugungi kunda jamiyatimizda turli xil fikr va qarashlar bo‘lishi tabiiy. Bu — demokratiyaning birlamchi talabi. Ammo millati, tili va dinidan qat’i nazar, 38 millionli el-yurtimizni birlashtiradigan ulug‘ bir g‘oya bor. U ham bo‘lsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir.

Mana shunday buyuk maqsadga erishishda mahalla tizimining o‘rni va ta’siri beqiyos. Chunki mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat bo‘ladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi, — dedi u.

Prezident 2026-yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilishni taklif etdi.