Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida komplayens-xizmat va korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatiga alohida e’tibor qaratdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar bermoqda.

Barcha idoralarda komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha rahbar o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi. Shuningdek, Hisob palatasi vakilining faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Bu baloga qarshi 2026-yilda favqulodda holat e’lon qilamiz, — dedi prezident.

Rahbarlar tizimda insofsiz shaxslarni aniqlash, byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish va mansab vakolatini suiiste’mol qilish holatlarining oldini olish bo‘yicha ta’sirchan nazoratni ta’minlaydi. Ular bevosita prezidentga hisobot beradi. Davlatimiz rahbari davlat byudjeti va resurslarining har bir so‘mi uchun shaxsiy javobgarlik kuchaytirilishini ta’kidladi.

Mansabim, unvonim bor, menga hech kim tegmaydi, deb o‘ylaydiganlar qattiq yanglishadilar. Hech bir idora va tashkilot nazoratdan chetda qolmaydi. Komplayens xizmati faoliyatiga to‘sqinlik qilgan shaxslar korrupsiyaga sherik sifatida baholanadi va javobgarlikka tortiladi, — deya qo‘shimcha qildi u.

Xulosa o‘rnida ta’kidlanganidek, egallab turgan lavozimidan qat’i nazar, poraxo‘rlik va vakolatini suiiste’mol qilish bilan bog‘liq har bir holat yuzasidan Prezident Administratsiyasining komplayens xizmati davlat rahbariga tezkorlik bilan axborot beradi.