Toshkentda yo‘l bo‘yi pullik avtoturargoh narxi rezidentlar uchun barcha beshta tarif zonasi uchun yiliga BHMning 1 baravari (412 ming so‘m) ni tashkil etadi. Bu haqda hokim Shavkat Umurzoqovning qarorida aytiladi.
Tungi vaqt uchun (soat 20:00 dan 08:00 gacha) rezident ruxsatnomasi bepul beriladi. Ariza Yagona davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi.
Rezidentlar — pulli to‘xtash joylari mavjud bo‘lgan yoki ular bilan yonma-yon joylashgan mahallalardagi transport vositalaridan foydalanuvchilar va mol-mulk egalari (yoki egalik qilish huquqiga ega bo‘lganlar).
Bunday ruxsatnomalar har bir avtomobilga bir yilga bir martadan beriladi va elektron reyestrda saqlanadi. Rezidentlardan tashqari, ulardan yashash joyi bo‘yicha doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatga olingan fuqarolar ham foydalanishlari mumkin.
Bitta yashash manziliga ko‘pi bilan ikkita rezidentlik ruxsatnomasini ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin. Tegishli o‘zgartirishlar 2026-yil 1-fevraldan kuchga kiradi.