Toshkentda pirotexnika buyumining portlashi oqibatida yigitning yuzi kuyib, qo‘li tushib ketdi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berdi.
Mudhish voqea Yangihayot tumanida sodir bo‘ldi. 24 yoshli jabrlanuvchining onasi xonada portlash ovozini eshitganini, shundan so‘ng yigit yuzida kuyish izlari va qo‘lidan qon ketishi bilan chiqqanini aytdi. Yigit pirotexnikani qo‘lida ushlab turardi.
Jabrlanuvchi shifoxonaga kuchli shok holatida olib kelingan, tekshiruvlardan so‘ng unga shoshilinch jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Mutaxassislar yigitda chap bilagining ochiq ezilishi, qon tomirlari va asablarining yorilishi, chap kaftining yirtilgan jarohati, o‘ng qo‘li va yuzining kuyishi borligini aniqladi. Shifokorlar chap kaftni olib tashlashga majbur bo‘lishdi.
IIBBning qayd etishicha, dekabr va yanvar oylarida bunday hodisalar soni ortib bormoqda. Ko‘p hollarda fuqarolar kuyish va og‘ir tan jarohati olishadi. Poytaxt IIBB ota-onalarni bolalarning pirotexnika vositalaridan foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.