Toshkentda qizga hujum qilib, uni tunashda gumonlanayotgan erkak qo‘lga olindi. Bu haqda shahar IIBB matbuot xizmati xabar bermoqda.

Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, voqea 2025-yil 21-dekabr kuni soat 21:00 atrofida sodir bo‘lgan. 21 yoshli qiz Mirobod tumani Amir Temur ko‘chasidagi yer osti yo‘lidan ketayotgan bo‘lgan. Shu payt unga noma’lum shaxs hujum qilib, narxi $500 bo‘lgan smartfonni tortib olgan. Hujum qilgan shaxs qo‘lga olindi, u ilgari o‘g‘irlik uchun sudlangan 26 yoshli Otabek Madumarov bo‘lib chiqdi.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 164-moddasi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi qamoqqa olingan. Qo‘lga olingan shaxsning harakatlaridan jabr ko‘rishi mumkin bo‘lgan fuqarolardan 71 206-42-54 yoki 102 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilish so‘ralgan.