3-yanvar kuni AQSH Venesuelaga qarshi harbiy operatsiya boshladi, mamlakat poytaxti Karakasga raketa va havo hujumlari uyushtirildi, harbiy bazalar, aerodromlar va mudofaa vaziri Vladimir Padrino Lopesning uyiga zarbalar berilgani tasdiqlandi.
Vaziyatga birinchi bo‘lib Kolumbiya prezidenti munosabat bildirdi, Gustavo Petro ijtimoiy tarmoqlarda AQShning Venesuelaga hujumi munosabati bilan Amerika davlatlari tashkiloti va BMT Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishlarini chaqirishga chaqirdi.
Venesuela prezidenti Nikolas Maduro Amerika havo hujumlari fonida favqulodda holat joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, keyinroq mamlakat Tashqi ishlar vazirligi hokimiyat suverenitetni himoya qilish uchun qurolli kuchlarni joylashtirayotgani, shu maqsadda “Keng qamrovli mudofaa organlari boshqarmalari” tashkil etilgani haqida xabar berdi. Shu bilan birga, Amerika zarbalarining maqsadi “strategik tabiiy resurslarni tortib olishga” urinish deb atalgan.
Oq uydan hozircha rasmiy xabarlar yo‘q. AQSH Flight radar va boshqa onlayn xaritalarda samolyotlarni ko‘rsatishni o‘chirib qo‘ydi. Yo‘lovchi reyslari Venesuela havo hududida parvoz qilishdan qochmoqda.
Keyinroq AQSH prezidenti Donald Tramp Venesuelaga hujum uyushtirilganini tasdiqlab, Nikolas Maduro rafiqasi bilan birga qo‘lga olingani va mamlakatdan olib chiqilganini ma’lum qildi va operatsiya yakunlari bo‘yicha Florida shtatida soat 11:00 da (Toshkent vaqti bilan 21:00) matbuot anjumani o‘tkazilishini e’lon qildi.
CBS News xabariga ko‘ra, Maduro Amerikaning “Delta” elita maxsus bo‘linmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.