Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi “M-25” konida neft suyuqligi yer yuzasiga chiqdi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Uning tarqalishining oldini olish uchun uchastka atrofida, shuningdek, o‘zan bo‘ylab qo‘shimcha himoya tindirgichlari qurildi.

To‘plangan neft suyuqligi uzluksiz rejimda maxsus maydonchaga olib chiqiladi, u yerda har birining hajmi 5 ming kub metr bo‘lgan ikkita izolyatsiyalangan shlam yig‘gich mavjud. Bu neft suyuqligini xavfsiz saqlash va keyinchalik undan samarali foydalanish imkonini beradi.

Ishlar sanoat va ekologik xavfsizlikning amaldagi talablariga to‘liq rioya qilingan holda olib borilmoqda. Olingan neft suyuqligi namunalari bo‘yicha analitik tadqiqotlar o‘tkaziladi. Ularning natijalariga ko‘ra, qayta ishlash imkoniyatlari o‘rganiladi, geologik tadqiqotlar davom ettiriladi.

Vaziyat doimiy nazoratga olingan, neft suyuqligi chiqishi cheklangan. Dastlabki kunlarda kanalga tushgan neft suyuqligini tozalash ishlari olib borilmoqda. Vaziyat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot keyinroq taqdim etiladi.