5-yanvar kuni Navoiy viloyatida 47 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan avtobus yo‘ldan chiqib ketdi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, YTH 5-yanvar kuni soat 07:40 larda Tomdibuloq MFY hududidan o‘tuvchi A-379 Navoiy – Uchquduq avtomobil yo‘lining 167-168-kilometrlarida sodir bo‘lgan.

Zhong Tong avtobusida 47 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Haydovchi Zarafshon – Navoiy yo‘nalishida odamlarni olib ketayotgan bo‘lgan, harakat davomida boshqaruvni yo‘qotgan. Oqibatda avtobus qatnov qismidan chiqib ketib, ag‘darilib ketgan.

Hodisa oqibatida ikki nafar yo‘lovchi voqea joyida vafot etgan, to‘qqiz kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Mutaxassislar voqea tafsilotlarini o‘rganmoqda, jabrlanganlar va ularning oila a’zolariga yordam ko‘rsatilmoqda.