O‘zbekistonda favqulodda vaziyatlarning oldini olish jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Hujjatda aytilishicha, suv obyektlarini nazorat qilish va ushbu jarayonda sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun javobgarlik suv havzalarida fuqarolar o‘limi holatlarining ko‘payishi muammosining dolzarbligini saqlab qolmoqda.
Qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, favqulodda vaziyatlar, fuqaro muhofazasi va yong‘in xavfsizligi sohasidagi amaldagi jazo choralariga aniqlik kiritilmoqda, suv obyektlarida xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni 204-2-modda (Suv obyektlarida xavfsizlik qoidalarini buzish) bilan to‘ldirishmoqchi. Suv obyektlarida xavfsizlik qoidalarini buzish, ya’ni O‘zbekiston akvatoriyalarida plyajlarni jihozlash va ulardan foydalanish, fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash, shu jumladan suvda ommaviy dam olish joylarida aholi xavfsizligini ta’minlash, shuningdek suv obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash qoidalariga rioya etmaslik, xuddi shuningdek cho‘milish taqiqlangan joylarda cho‘milish fuqarolarga BHMning 1 baravari (412 ming so‘m), mansabdor shaxslarga esa 3 baravari (1,2 mln so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday harakatlar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, — fuqarolarga BHMning 3 baravari (1,2 mln so‘m), mansabdor shaxslarga esa — 5 baravari (2 mln so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.