Farg‘ona viloyatida Tojikistondan olib kelingan 30 kg dan ortiq giyohvand moddalar savdosiga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.

Huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, reyd Qo‘qonda boshlangan. Mutaxassislar giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangan fuqaroning uyini ko‘zdan kechirishdi. Oshxonadan 4 kg 572 gr opiy va 1 kg 58 gr gashish topib olindi. Tojikistonlik giyohvand moddalar savdogarlari tomonidan unga yuborilgan geolokatsiyaga ko‘ra, yana 9 kg 980 gramm opiy topilgan. Yana bir qo‘qonlik taqiqlangan moddalarni qayta ishlashga yordam bergan. Uning uyida giyohvandlik laboratoriyasi borligi aniqlanib, u yerdan 7 kg 226 gr opiy olib qo‘yilgan.

Yana bir holatda Qo‘qon shahri hududida Lacetti avtomobili to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Mashina ichidan ilgari 34 ming dollarga sotib olingan 5 kg 22 gr “opiy” moddasi topilgan. Keyinroq huquq-tartibot idoralari giyohvand moddalar sotuvchilari — mahalliy fuqaro va Tojikiston fuqarosini qo‘lga oldi. Tojikiston fuqarosining O‘zbekiston tumanida joylashgan uyidan yana 2 kg 362 gr “opiy” musodara qilindi.

Uchinchi reyd davomida Nexia avtomobili to‘xtatilgan. Yo‘lovchining sumkasidan 982 gramm nasha topildi. U Qo‘qon hududida tojikistonlik narkokuryerlar tomonidan tashkil etilgan yashirin joydan giyohvand moddalarni olib ketgan. Yana bir tadbir Farg‘onada o‘tkazildi. Fuqaro 989 gr Tojikiston gashishini 150 mln so‘mga sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Aniqlangan holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilar qo‘lga olingan, tergov harakatlari olib borilmoqda.