Eronning “Persepolis” futbol klubi O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi Igor Sergeev bilan shartnoma imzolaganini e’lon qildi.

32 yoshli hujumchi bilan shartnoma bir yarim mavsumga mo‘ljallangan. “Persepolis” safida Sergeyev 19-raqamda harakat qiladi. Futbolchi bungacha Toshkentning “Paxtakor” klubi sharafini himoya qilgan. Shuningdek, u yangi jamoasida O‘zbekiston terma jamoasidagi sherigi Oston O‘runov bilan birga to‘p suradi.

Sergeyev transfer bo‘yicha qaror qabul qilishdan oldin O‘runov bilan maslahatlashganini, shuningdek, “Persepolis” muxlislarining o‘ziga xos muhiti va qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Avvalroq hujumchi “Paxtakor” bilan xayrlashib, bolaligidan to‘p surgan klubi u uchun bir umr qadrdon uyi bo‘lib qolishini aytgandi.