Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p qavatli uyning kirish yo‘lagida qo‘lida pichoq bilan harakatlanayotgan erkakning videosi paydo bo‘ldi. Toshkent shahar IIBB holat yuzasidan izoh berdi.

Hodisa 5-yanvar kuni soat 01:35 da Yashnobod tumanidagi ko‘p qavatli uylardan birida sodir bo‘lgan. 41 yoshli erkak aholi eshigini taqillatib, jamoat tartibini va fuqarolar tinchligini buzgan. IIBBning qayd etishicha, uning yonida sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan buyum bo‘lgan.

Holat yuzasidan huquq-tartibot idoralari xodimlari zudlik bilan chora ko‘rib, fuqaroni qo‘lga olgan. Unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik), 185-2-moddasi (sovuq qurol yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Sud erkakni aybdor deb topdi va hibsga olishga hukm qildi, qancha muddatga — aniqlik kiritilmagan.